Toshkentda agrar va suv xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro o‘quv-amaliy dasturi boshlandi
2026-11-02 11:15:00 / Yangiliklar

2–7-noyabr kunlariga mo‘ljallangan mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari hamda «Agrobank» hamkorligida tashkil etildi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida o‘tkazilgan ochilish marosimida mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarlarigi suv xo‘jaligi va agrar sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy boshqaruv usullari, resurs tejamkor texnologiyalar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning ham muhim shartiga aylanganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng katta sug‘oriladigan yer maydoniga ega mamlakat hisoblanadi. Respublika suv resurslarining qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishga sarflanadi. Shu bois suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerning 2,8 million gektarida, ya’ni 65 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan.
Vazir “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish dasturi doirasida belgilangan vazifalarga ham to‘xtaldi.
Jumladan, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlarni 3,5 million gektarga, shu jumladan, tomchilatib sug‘orish maydonlarini 853 ming gektarga yetkazish, 20 ta yirik suv xo‘jaligi obyektida nazorat-o‘lchov uskunalarini modernizatsiya qilish, 15 ta nasos stansiyasida muqobil energiya manbalari va energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Ko‘zda tutilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida har yili kamida 11 milliard kub metr suvni tejash maqsad qilingan.
Shavkat Xamrayev suv resurslarini boshqarishda raqamlashtirishning o‘rniga ham alohida to‘xtaldi.
“Suvni samarali boshqarish uni aniq hisobga olishdan boshlanadi”, deya ta’kidladi vazir.
Shu maqsadda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi” ishga tushirilgani, sohadagi axborot tizimlari ma’lumotlarini jamlash va tahlil qilish uchun “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasi yaratilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, transchegaraviy daryolar havzasida joylashgan mamlakatlar uchun suv xavfsizligini faqat ichki choralar bilan ta’minlash yetarli emasligi, bu borada qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi ishonch, o‘zaro manfaatli hamkorlik va doimiy muloqot hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Olti kunlik xalqaro dastur doirasida ishtirokchilar O‘zbekistonning qishloq va suv xo‘jaligidagi tajribasi bilan bevosita tanishadi. Xususan, “Suvchilar maktabi”da kadrlar malakasini oshirish tizimi, “Agro New Drip” korxonasida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar ishlab chiqarish jarayonlari o‘rganiladi.
Shuningdek, xorijiy mutaxassislarga “Suv hisobi” axborot tizimi, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kanallarni betonlashtirish, suv resurslarini aniq hisobga olish va boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi taqdim etiladi.
Dasturdan agroxizmatlar, ilmiy laboratoriyalar, zamonaviy fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqarish korxonalariga tashriflar ham o‘rin olgan. Ishtirokchilar Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi ilg‘or tajribalar bilan tanishib, o‘z mamlakatlarida qo‘llash mumkin bo‘lgan yechimlar yuzasidan fikr almashadi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati

