
Raqamli texnologiyalar va Transport

Shermatov Sherzod Xotamovich
O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri - Bosh Axborot Direktori (CIO)

Maxkamov Ilhom Rustamovich
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri
“Raqamli O‘zbekiston — 2030” STRATEGIYASI
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, biznes hamjamiyati va ilmiy doiralar vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirokida “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ishlab chiqilgan.
1997-yil 24-aprelda O‘zbekiston Respublikasining "Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida"gi 400-I-sonli Qonuni qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasida fuqarolar va tadbirkorlik vakillari uchun normativ-huquqiy hujjatlarni, davlat byudjeti parametrlarini va shunga o‘xshash masalalarni muhokama qilish hamda qabul qilishda elektron tarzda ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bu jarayonda fuqarolar va tadbirkorlar faol ishtirok etishlari mumkin.
Mamlakatimizda raqamli texnologiyalar rivoji uchun yaratilgan keng imkoniyatlar katta natijalar olib keldi. IT-park rezidentlari 2 ming 800 dan oshdi, xorijiy kompaniyalar 752 taga yetdi. Bu sohada 40 ming nafar yoshlar yuqori daromad topayapti.
Oxirgi 5-yilda soha eksporti 170 million dollardan 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Internet tezligi 7 barobar, mobil internet esa 4,5 barobar oshdi. O‘tgan yili sohadagi startaplarga 70 million dollar venchur investitsiya kiritildi.
Bularning natijasida “Global startaplar indeksi” reytingida O‘zbekiston 12 pog‘ona yuqorilab, “TOP-100”likka kirdi. O‘tgan yili “Sun’iy intellektga tayyorlik” xalqaro indeksida yurtimiz 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
Bunday ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, kelgusi yilda davlat xizmatlarini raqamlashtirishni 70 foizga, IT xizmatlari miqdorini 100 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. “Elektron hukumat rivojlanish indeksi”da kamida 55-o‘ringa ko‘tarilish maqsad qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun qator hujjat loyihalari ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda 760 ta davlat xizmati raqamlashtirilgan. O‘tgan yili 10 million fuqaro raqamli xizmatlardan foydalangan. Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi maʼlumot va hujjatlarni aholidan talab qilish bekor bo‘lgan.
So‘nggi ikki yilda yurtimizda 215 ta IT-taʼlim markazlari ochilgan. “Bir million dasturchi” loyihasi ham o‘z samarasini berdi. Hozirda IT-parklar mutaxassislarining ko‘pchiligi shu dasturni tamomlagan yoshlar hisoblanadi. Endi yoshlarni “Coursera” platformasi orqali o‘qitish ham kengaytiriladi. Ular orasidan eng iqtidorlilari tanlab olinib, alohida dastur asosida xalqaro IT-bozor uchun tayyorlanadi.
Kiberxavfsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida” Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir. Kiberxavfsizlik sohasini tartibga solishga nisbatan yagona yondashuv ma’lumotlarga ishlov berish hamda ularni himoya qilish bo‘yicha dasturiy va texnik vositalarni ishlab chiqish hamda joriy etish jarayonini tashkil etish, uning monitoringini va nazoratini amalga oshirishga qaratilgan axborot tizimlarini hamda resurslarini kiberhimoya qilishning yagona davlat tizimi joriy etilgan holda ta’minlanadi. Kiberxavfsizlik sohasidagi yagona davlat siyosatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va himoya qilish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar, foydalaniladigan ishlov berish vositalaridan, jumladan, axborot texnologiyalaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-547-son Qonuni bilan tartibga solinadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 04.09.2019 yildagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4273-sonli qarori qabul qilindi.
Ochiq ma’lumotlarning oshkoralik va sifati darajasini, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 23.12.2020-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 808-sonli qarori qabul qilindi va 2021 — 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish KONSEPSIYASI tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-358-sonli qarori bilan 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan edi. Bu sohada infratuzilmani yaxshilashga 50 million dollar ajratildi. Sun’iy intellekt milliy modelini yaratib, 1 million nafar mutaxassis tayyorlash vazifasi belgilangan.
Ham iqtisodiy samaradorlik, ham odamlarga qulaylik nuqtayi nazaridan transport sohada katta o‘zgarishlar qilinmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 6 ta mustaqil korxona tashkil etildi. 1 ming 200 ta yangi yuk vagoni olindi, ichki yo‘nalishda yuk tashish vaqti 2 karra kamaydi. Raqamlashtirish natijasida vagonga buyurtma berish 7 bosqichdan 3 bosqichga, bunga ketadigan vaqt 72 soatdan 12 soatga qisqardi. Toshkent atrofida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.
“Uzbekistan Airways” tizimida aviaqatnovlar 25 foiz ko‘paydi. Mahalliy yo‘nalishlarda samolyotlar soni 8 taga yetib, ichki qatnovlar 2,5 barobarga oshdi. Markaziy Osiyodagi xalqaro tashuvlarda milliy aviakompaniyamiz ulushi 20 foizga yetdi.
“Uzbekistan Airports” samolyotlar, yuk va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilingani samara berayapti. Dunyodagi 44 ta aviakompaniya yurtimizga parvozni amalga oshirayapti.
So‘nggi yetti yilda mahalliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash natijasida yuk avtomobillari soni 7 karra oshib, 26 mingga yetgan. Ularning xalqaro tashishdagi ulushi esa 35 foizdan 60 foizga oshgan.
Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini zamonaviy talablarga moslashtirish va texnik parametrlarni oshirish borasida bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, hozirgi kunda va kelgusidagi amalga oshiriladigan loyihalarda sementobeton qoplamali yo‘llar qurishni, avtomobillar qayrilib olish joylarini yer ustidan yoki yer ostidan o‘tkazishni, yo‘l va ko‘priklar hamda transport yechimlarini mukammal loyihalash hisobiga xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil' yo‘llarda harakatlanishda xavfsizlikni va qulaylikni oshirishga e'tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda transport tarmoqlari izchil rivojlantirib kelinmoqda. Xususan, 2018-yilda Buxoro – Miskin temir yo‘li qurilib, Xivagacha masofa 242 kilometrga qisqargan edi. Shu bilan birga, elektr poyezdining unumdorligi 4,5 barobar yuqoriligini inobatga olib, mavjud temir yo‘llar elektrlashtirilmoqda. So‘nggi yillarda Qarshi – Kitob, Pop – Namangan – Andijon hamda Qarshi – Termiz yo‘nalishlari elektrlashtirildi.